Перейти к содержимому
Har yili 12-may sanasi dunyo bo‘ylab «Xalqaro hamshiralar kuni» sifatida keng nishonlanadi. Ushbu bayramning tanlanishi bejiz emas. Bu kun hamshiralik ishiga asos solgan, mazkur kasbni ilmiy va tizimli sohaga aylantirgan fidoyi ayol Florens Naytingeylning tavallud topgan kunidir. 1820-yili Florensiyada aristokratlar oilasida dunyoga kelgan Florens Qrim urushi davrida yarador askarlarga yordam ko‘rsatib, o‘zining metin irodasini namoyon etadi. U tunlari chiroq ko‘tarib bemorlar holidan xabar olgani uchun ham tarixda «Qo‘lida chiroq tutgan ayol» nomi bilan muhrlangan.
Bugun yurtimizda ushbu sharafli kasb egalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida an’anaviy tarzda «Hamshira» ko‘rik-tanlovi o‘tkazib kelinmoqda. Quvonarlisi shundaki, joriy yilda ham tuman tibbiyot birlashmasining 10 nafar hamshirasi viloyat bosqichida yuqori o‘rinlarni zabt etib, tumanimiz nufuzini munosib himoya qilishdi. Bu muvaffaqiyatlarni tuman tibbiyot tizimining katta yutug‘i deyish mumkin.
G‘oliblarimiz bilan tanishing:
- Navbahor Pardayeva – «Hamshira-2026» ko‘rik-tanlovining tuman bosqichi g‘olibi sifatida viloyatda faxrli o‘rinni egalladi.
- Mardona Baratova («Uvak» OShP) – «Yilning eng yaxshi tibbiy brigada hamshirasi» yo‘nalishida viloyatda 2-o‘rin sohibasi.
- Dilrabo Payziyeva (TTB dorixonasi) – «Yilning eng yaxshi farmatsevt hamshirasi» nominatsiyasida viloyatda 1-o‘rin sohibasi.
- Nodira Umbetova (Laboratoriya bo‘limi) – «Yilning eng yaxshi laboranti» yo‘nalishida viloyatda 1-o‘rin sohibasi.
- Feruza Ibragimova (39-OP) – «Patronaj doya — ayol salomatligi tayanchi» ko‘rik-tanlovida viloyatda 1-o‘rin sohibasi.
- Shohista Xolboyeva (Shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi) – «Yilning eng yaxshi shoshilinch tibbiy yordam hamshirasi» yo‘nalishida viloyatda 2-o‘rin sohibasi.
- Mohidil Erkinova (Umumiy xirurgiya bo‘limi) – «Yilning eng yaxshi hamshirasi» nominatsiyasida viloyatda 2-o‘rin sohibasi bo‘ldi. Shuningdek, u farzandi bilan «Mening onam — hamshira» tanlovida ham faol ishtirok etdi.
- Gavhar Raimbabayeva (Tug‘ruq bo‘limi) – «Yilning eng yaxshi doyasi» yo‘nalishida viloyatda 3-o‘rin sohibasi.
- Malika Xolmatova (Reanimatsiya bo‘limi) – «Yilning eng yaxshi anesteziologiya va reanimatsiya hamshirasi» yo‘nalishida viloyatda 3-o‘rin sohibasi.
- Gulchehra Gaziyeva (36-OP) hamda Nozima Ashurova («Uvak» OShP) «Patronaj doya — ayol salomatligi tayanchi» ko‘rik-tanlovida, Nasiba Merganova (41-OP) esa «Birlamchi bo‘g‘in bo‘yicha yilning eng yaxshi IT-operator hamshirasi» yo‘nalishida muvaffaqiyatli ishtirok etib, tumanimiz sharafini munosib himoya qilishdi.
Tuman tibbiyot birlashmasining barcha hamshiralarini kasb bayrami bilan chin qalbimizdan muborakbod etamiz. Siz kabi shijoatli va sharafli kasb egalari bor ekan, aholi salomatligi doimo ishonchli qo‘llarda. Mashaqqatli ishlaringizda hamisha muvaffaqiyat yor bo‘lsin!
Muallif :
Barno SAITOVA, tuman tibbiyot birlashmasi bosh hamshirasi.