O‘QITUVCHIGA MASHINA SOVG‘A QILINDI

Ohangaronda har yili davom etayotgan bir go‘zal an’ana bor — «Ohangaronsement» MCHJ tomonidan «8-dekabr — Konstitutsiya kuni» arafasida eng yaxshi o‘qituvchini e’zozlash. Bu yil ushbu yuksak e’tirof, shu bilan birga, «Onix» rusumli avtomobil sovg‘asi ham shahrimizdagi 5-umumta’lim maktabining fidoyi o‘qituvchilaridan biri Mahliyo Yo‘ldoshevaga nasib etdi.

Biz g‘olib o‘qituvchi bilan uning faoliyat yo‘li, hayajonlari va maqsadlari borasida suhbatlashdik.

— O‘qituvchilik yo‘lini tanlashingizga nima turtki bo‘lgan? — O‘qituvchilik kasbini tanlashimga eng katta sabab kimyo fani o‘qituvchim, ustozim Holisa Yo‘ldoshevaning mahorati bo’lgan. Hali ham bilmaganlarimni ulardan so’rab turaman. Bundan tashqari, oilamizda ustozlar juda ko’p: bobom Ahad Davronov o‘qituvchi bo’lgan, buvijonim ona tili va adabiyotdan dars berganlar. O’ylaymanki, bu kasb menga avloddan-avlodga o’tgan bir tuyg‘u sifatida meros bo’lgan.

— Maktabda necha yildan buyon faoliyat yuritasiz? Qaysi fandan dars berasiz? — Mazkur maktabda 2007-yildan buyon faoliyat yuritaman. Oliy toifali kimyo fani o’qituvchisiman. Yillar davomida ko‘plab shogirdlarim respublika fan olimpiadalarining shahar va viloyat bosqichlarida g‘olib bo‘lishgan. Yaqinda ham viloyatda yuqori o‘rinlardan birini egalladik. Shuningdek, ayrim o‘quvchilarim bugun Toshkent Tibbiyot akademiyasi talabalaridir.

— Dars jarayonida sizningcha eng samarali usul qaysi? — Eng avvalo, har bir o‘quvchining yashirin qobiliyati, o‘ziga xos bir iste’dodi bo‘ladi. Ustozning vazifasi o‘sha qobiliyatni uyg‘otish. O‘quvchi darsga qiziqmayotganini ko‘rsam, ko‘nglim og‘riydi, har bir o‘quvchini jalb qilishga harakat qilaman. Doim «o‘qinglar» deyman, hayotdan misollar keltiraman, motivatsiya beraman.

— «Yil o‘qituvchisi» bo‘lishni kutganmidingiz? — Yo‘q, ochig‘i umuman kutmagandim. Tanlovdagi barcha ishtirokchilar kuchli edi. Natija e’lon qilinganda juda hayajonlandim. «Ohangaronsement» tomonidan mashina sovg‘a qilinganini eshitganda, to‘g‘risi yig‘lab yubordim. O‘sha paytgacha tortgan mashaqqatlarim xuddi kino tasmasiday ko‘z oldimdan o‘tdi.

— Haqiqiy ustozni boshqalardan ajratib turadigan fazilati nima? — Haqiqiy ustoz nafaqat o‘rgatadi, balki ilhom beradi. Biz bolalar bilan ishlaymiz. Bu qalb va yurak bilan ishlash degani. Har bir o‘quvchining ichida bir iste’dod bor, uni ochib bera olgan ustozgina haqiqiy ustozdir.

— O‘quvchilarga qimmatli maslahat bersangiz… — Faqat o‘qinglar. Chin yurakdan, qalbdan o‘qinglar. Ilm insonning eng katta boyligi, uni hech kim olib qo‘ya olmaydi. Ilmli kishi hech qachon xor bo‘lmaydi.

Nozima OPPOQOVA suhbatlashdi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

DOLZARB MAQOLALAR

XALQNING DARDIGA QULOQ TUTGAN

GULOBODDAGI UCHRASHUV: Bahrom To‘rayevich har bir fuqaroni diqqat bilan tingladi. Uning nigohidagi...

Xorijda stajirovka — zamonaviy

PF–21-sonli Farmon bilan yangilangan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining 371-bandiga muvofiq...

Pirimqul Qodirov — “Yulduzli

…Ohangaron vodiysi o‘zining mag‘rur tog‘lari, yam-yashil kengliklari va shiddat bilan oquvchi...

ENG MUHIM MAQOLALAR

MAMONT SUYAGI BOR, MUZEY

Ohangaron tumanining 100 yilligi va Ohangaron shahrining 60 yilligi oldidan Joriy yil Ohangaron...

MO‘MINOBODLIK CHORVADORLAR SULOLASI

Оhangaron tumanining 100-yilligi oldidan Tumanimizda Mo‘min ota Xolto‘rayev nomini bilmaydigan inson...

ADIRLIKDA UNGAN «AVATAR»

Yaqin-yaqingacha Ohangaronning Shodmalik mahallasi atrofidagi qir-adirlar faqat chorva boqiladigan...

Gazetamizga obuna bo'ling

Ohangaron hayotidagi so’nggi yangiliklar bilan birinchilardan
bo’lib tanishing. Har juma yangi son — saytimizda va ijtimoiy tarmoqlarda!