Ohangaron Hayoti

1932-yildan chop etiladi

OHANGARON KO‘K SOMSASIGA TAQIQ EMAS, TARTIB KERAK

Poytaxtdan Ohangaron tumaniga kirib kelar ekansiz, yo‘l bo‘yida ko‘k somsa yopayotganlarga ko‘zingiz tushishi tabiiy. Betartib joylashgan tandirlar, ulardan chiqayotgan tutun va atrofdan taralayotgan ko‘k somsa ifori hududga o‘ziga xos manzara bag‘ishlaydi. Xo‘randalar ham shunga yarasha ko‘p.

Biroq A-373 «Toshkent – O‘sh» avtomagistral yo‘li vodiy va poytaxtni bog‘lovchi muhim yo‘l hisoblanadi. Ushbu yo‘l orqali ko‘plab turistlar va xalqaro mehmonlar harakatlanadi. Shuni inobatga olgan holda, Toshkent viloyati hokimi tashabbusi bilan Ohangaron tumanining Bolgali qishlog‘ida mo‘jazgina «Ko‘k somsa» ovqatlanish shoxobchasi barpo etilgan.

Ayni paytda mazkur shoxobcha faoliyat yuritmoqda. Ammo uning atrofida o‘zboshimchalik bilan qurilgan turli xil chodirlar ham mavjud. Kunlar isib borishi bilan hudud yanada gavjumlashib, ayron va go‘ja sotuvchilarning soni ham ortib boradi.

Tirikchilik dardi
Mavzu yuzasidan bir nechta «tadbirkorlar» bilan suhbatlashdik. «Biz ham tirikchilik dardida, kunning sovug‘u-issig‘iga qaramay, tandir taftida mehnat qilamiz. Kimningdir yaqini bemor, kimdir farzandlarini oliygohda o‘qityapti, yana kimningdir oilasi shu somsadan tushadigan daromadga qarab qolgan. Mutaxassislar tomonidan soliq to‘lashimiz va bu tarzda xizmat ko‘rsatish mumkin emasligi haqida bir necha bor ogohlantirilganmiz. Ammo raqobat kuchli bo‘lganligi uchun ayrim kunlari ikki tandir somsa sotsak, ayrim kunlari sota olmaymiz. Shu sabab mahsulotlarni qo‘ni-qo‘shniga tekinga tarqatishga majbur bo‘lamiz. Daromad ham shunga yarasha. Belgilangan joylar cheklangan, qolaversa, mijozlar ko‘pincha yo‘l bo‘yida to‘xtab, tezkor tamaddi qilishni afzal ko‘rishadi», – deydi ular.

Yurtimizda kambag‘allikni qisqartirish, aholi daromadlarini oshirish va tadbirkorlik muhitini rivojlantirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Albatta, bu faoliyat bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar ham o‘z oilasi farovonligi uchun harakat qilmoqda. Biroq, bu holat noqonuniy ishlab, soliq va boshqa majburiyatlardan qochish uchun asos bo‘la olmaydi. Shunday emasmi?

Tadbirkorlik faoliyati qonun doirasida amalga oshirilishi shart
Mazkur holat yuzasidan tuman Soliq inspeksiyasi mas’ul xodimlari bilan suhbatlashdik.
– Har qanday tadbirkorlik faoliyati amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya etgan holda amalga oshirilishi shart. Yo‘l bo‘ylarida noqonuniy savdo qilish, soliq hisobotlarini yuritmaslik kabi holatlar davlat bütjetiga tushumlarni kamaytiradi va iqtisodiy tartibga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bugungi kunda kichik tadbirkorlar uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Jumladan, soddalashtirilgan soliq tizimlari, oson ro‘yxatdan o‘tish tartiblari joriy etilgan. Qonuniy faoliyat yuritgan fuqarolar ushbu imkoniyatlardan to‘liq foydalanishi mumkin.

Shuningdek, qonun talablariga amal qilish tadbirkorga o‘z biznesini kengaytirish, barqaror daromad manbaiga ega bo‘lish va ishonchli faoliyat yuritish imkonini beradi, – deydi tuman Soliq inspeksiyasi mas’ul xodimi.

Aholi salomatligini xavf ostida qoldirmang!
Farrux Manazarov, tuman Sanepid bo‘limi mas’ul xodimi:
– Avtomagistral yo‘l bo‘yida fuqarolar tomonidan tashkil etilayotgan ovqatlanish nuqtalarida taomlanish aholi salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Chunki o‘zboshimchalik bilan yo‘lga qo‘yilgan ko‘k somsa va ayron mahsulotlarini sotish joylari ko‘p hollarda sanitariya qoidalariga javob bermaydi. Jumladan, mahsulotlar noma’lum sharoitlarda tayyorlanadi, ular tegishli sertifikat va sanitariya xulosalariga ega emas. Shuningdek, ayrim sotuvchilar shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilmaydi, maxsus ish kiyimlari bilan ta’minlanmagan hamda belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan.

Bundan tashqari, ba’zi holatlarda mahsulotlar bevosita avtomagistral yo‘l yoqasida, sanitariya talablariga zid ravishda tayyorlanmoqda. Bu jarayonda transport vositalaridan chiqadigan zaharli gazlar va changlar oziq-ovqat tarkibiga qo‘shilib, iste’molchilarda ovqatdan zaxarlanish holatlarini keltirib chiqarishi mumkin. Ovqatdan zaxarlanish va turli kasalliklarning oldini olish maqsadida bo‘limimiz tomonidan muntazam ravishda belgilanmagan joylarda va noma’lum sharoitlarda tayyorlanayotgan ko‘k somsa va ayron mahsulotlari savdo nuqtalarida profilaktik targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Shu bilan birga, «Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida»gi Qonun hamda amaldagi sanitariya qoida va me’yorlari talablarini buzgan fuqarolarga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy jazo choralari qo‘llanilmoqda.

Muammoga yechim bormi?
Har kim o‘z qarashida qolmoqda, «tadbirkorlar» oilaviy sharoitini tushuntirishga urinayotgan bo‘lsa, mas’ullar jarayonni qonuniy asosda tashkil etishni talab qilmoqda. Xo‘sh, bunday vaziyatda nima qilish zarur?

Bundan bir necha yil avval Fransiyadan kelgan sayyohlar bilan Chorsu bozorida suhbatlashgan edik. Ular Samarqand, Buxoro va Xiva kabi qadimiy shaharlarni ziyorat qilib, hatto ijtimoiy tarmoqlar orqali mashhur bo‘lgan «xonimchi opa»ni izlab Chorsuga kelganini aytishgandi. Sayyohlarning ta’kidlashicha, xonimning mazasi ularga juda manzur bo‘lgan, bozordagi qaynoq muhit esa unutilmas taassurot qoldirgan.

Ma’lumki, Chorsu bozorida qayta qurilish ishlari amalga oshirish boshlangan edi. Biroq, keng jamoatchilik fikri va sayyohlar oqimi inobatga olinib, bozor qayta ta’mirlandi, undagi o‘zgacha muhit saqlanib qolindi. Bugungi kunda u nafaqat mahalliy aholi, balki xorijiy mehmonlarni ham o‘ziga jalb etayotgan joyga aylandi.

Fransiyalik sayyoh Samarqanddan xarid qilgan kichik haykalni ko‘rsatib, uni Registon maydonidan olganini aytdi. Qizig‘i shundaki, ushbu haykal Chorsu bozorida 100-200 ming so‘m, Samarqandning boshqa bozorlarida esa 400-500 ming so‘m atrofida baholanadi. Ammo u sayyoh bu buyumni 150 AQSH dollariga sotib olganini, har gal unga qaraganda Samarqandning betakror muhitini his qilishini ta’kidladi.

Bu misollardan xulosa qilish mumkinki, yo‘l bo‘yida tayyorlanadigan ko‘k somsa, ayron va go‘ja kabi milliy taomlar nafaqat mazasi, balki tabiiy muhit, ochiq osmon ostida, Ohangaron kengliklarida tayyorlanayotganligi uchun ham xo‘randa va sayyohlarga manzur bo‘lmoqda. Shu bois, yo‘l bo‘ylarida «Ko‘k somsa» kabi mavsumiy ovqatlanish nuqtalarini ko‘paytirish maqsadga muvofiq. Biroq, bu jarayon betartib emas, balki qonuniy va tizimli ravishda tashkil etilishi lozim. Yangi ko‘rkam va zamonaviy ovqatlanish shoxobchalarining tashkil etilishi nafaqat xo‘randalarga balki tadbirkorlarga ham o‘z faoliyatini qonuniylashtirish imkonini beradi. Bu esa ularning daromadini oshirib, xizmat sifati, sanitariya talablari va umumiy tartibni ta’minlashga ham xizmat qiladi.

Xulosa o‘rnida
Ohangaronning ko‘k somsalariyu, ayron-go‘jalari shunchaki taom emas, bu hududning turistik salohiyatini belgilovchi muhim omil, qaysidir ma’noda hududning «tashrif qog‘ozi» ham hisoblanadi. Muammoning yechimi taqiqlarda emas, balki tadbirkorlarga qulay va xavfsiz ish joylarini taklif qilish, ularni yashirin iqtisodiyotdan chiqishga undashdadir. Agar yo‘l bo‘yidagi betartiblik o‘rnini milliy uslubdagi, toza va tartibli ovqatlanish maskanlari egallasa, bu ham aholi salomatligiga, ham hudud iqtisodiyotiga katta hissa qo‘shadi. Zero, tadbirkor boy bo‘lsa, – xalq boy bo‘ladi.

Sevara TURG‘UNOVA, «Ohangaron hayoti» muxbiri.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

DOLZARB MAQOLALAR

VATANPARVARLIK VA JASORAT SINOVI

Kuni kecha shahrimiz yoshlari o‘rtasida harbiy-vatanparvarlik ruhini mustahkamlashga qaratilgan...

MUROJAATLAR MARKAZIDA INSON MANFAATI

Kuni kecha shahrimizda navbatdagi sayyor qabul bo’lib o’tdi. Xalq qabulxonasi binosida...

KICHIK QALBLARDA KATTA G`OYALAR

Atrof-muhitni asrash, chiqindilardan oqilona foydalanish va tabiatga mehr bilan munosabatda...

ENG MUHIM MAQOLALAR

MAMONT SUYAGI BOR, MUZEY

Ohangaron tumanining 100 yilligi va Ohangaron shahrining 60 yilligi oldidan Joriy yil Ohangaron...

HALQNING DARDIGA QULOQ TUTGAN

GULOBODDAGI UCHRASHUV: Bahrom To‘rayevich har bir fuqaroni diqqat bilan tingladi. Uning nigohidagi...

MO‘MINOBODLIK CHORVADORLAR SULOLASI

Оhangaron tumanining 100-yilligi oldidan Tumanimizda Mo‘min ota Xolto‘rayev nomini bilmaydigan inson...

Gazetamizga obuna bo'ling

Ohangaron hayotidagi so’nggi yangiliklar bilan birinchilardan
bo’lib tanishing. Har juma yangi son — saytimizda va ijtimoiy tarmoqlarda!