Davlat siyosati — xalq farovonligining kafolati Mamlakatimizda aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlagan holda ichki bozorda narxlar barqarorligini saqlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Bu borada Davlatimiz rahbarining 2025-yil 31-oktabrdagi PQ-322-sonli qarori soha vakillari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochgan muhim tarixiy hujjat bo‘ldi. Mazkur qaror ijrosini ta’minlash va Ohangaron zaminida qishloq xo‘jaligini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida tumanning ilg‘or xo‘jaliklaridan biri — “Asl-Umid shams” fermer xo‘jaligida o‘quv-amaliy seminari va press-tur tashkil etildi.
“Uch shaharning rizqi — bizning mas’uliyatimiz” Tadbirda tuman hokimi Bahrom Norqobilov, viloyat hokimi o‘rinbosari H.Qoraboev, Agroinspeksiya boshlig‘i A.Vahobov va soha mutasaddilari ishtirok etib, fermerlar bilan yuzma-yuz muloqot qildilar. Tuman rahbari Bahrom Norqobilov Ohangaronning strategik o‘rni haqida to‘xtalar ekan, quyidagi so‘zlarni ta’kidladi: — “Bizning zimmamizda ulkan va sharafli mas’uliyat bor. Atrofimizdagi uchta yirik sanoat shahri — Angren, Olmaliq va Ohangaron aholisini go‘sht va sut bilan ta’minlash aynan bizning fermerlarimizning mas’uliyatidir!”
Islohot dala chetidan boshlanadi: Besh ming so‘mlik najot Seminarning eng muhim yangiliklaridan biri — endilikda dehqon va sabzavotchi fermerlar ham o‘z yerining dala chetlarida yengil konstruksiyali inshootlar qurib, chorvani rivojlantirishi mumkinligi bo‘ldi. Tuman hokimi ta’kidlaganidek, bu bilan begona o‘tdan unumli foydalanib, qo‘shimcha daromad va oziq-ovqat mo‘lligi ta’minlanadi.
Soha faxriylari esa har bir tiyinning qadrini raqamlarda ko‘rsatib berdilar: — “Bir bosh molni emlash atigi 5 ming so‘m, ammo beparvolik tufayli kasallangan molni davolash 1 million so‘mga tushadi. Emlash — bu nafaqat iqtisod, balki baraka va nasl sofligi garovidir!” — deya fermerlarni ogohlikka chorladilar.
“Asl-Umid shams” — zamonaviy agrar namuna Press-tur ishtirokchilari Faxriddin Umarov rahbarlik qilayotgan ko‘p tarmoqli “Asl — Umid shams” fermer xo‘jaligi faoliyatiga yuqori baho berdilar. 135 gektar yerda baraka undirayotgan ushbu xo‘jalik haqiqiy mehnat poligoniga aylangan. Bugungi kunda 55 bosh bo‘rdoqi buqalarni parvarish qilayotgan fermer faqat shu bilan cheklanib qolmoqchi emas.
Eng quvonarli yangilik: xo‘jalik tomonidan Germaniyadan 100 bosh naslli qoramol olib kelish bo‘yicha xalqaro shartnoma imzolandi! Buning uchun barcha zamonaviy talablarga javob beruvchi yengil konstruksiyali imoratlar qurib bitkazilgan. Bu — Ohangaron sut mahsulotlari bozorida yangi inqilob demakdir.
Muammolarga — yechim, tadbirkorga — madad Seminar davomida fermerlarning kadastr, soliq va boshqa sohalardagi muammolari tinglandi. Hokimlik va mutasaddi idoralar rahbarlari har bir masalani joyida o‘rganib, yechim bo‘yicha aniq topshiriqlar berdilar. Bu — davlat va dehqon o‘rtasidagi ishonch ko‘prigining yanada mustahkamlanganidan dalolatdir.
Xulosa o‘rnida: PQ-322-sonli qaror bergan imtiyozlar va tuman rahbariyatining shijoati birlashgan joyida Ohangaron qishloq xo‘jaligi yangi cho‘qqilarni zabt etishi shubhasiz. Zero, yerga bo‘lgan munosabatning o‘zgarishi — bu yurt to‘kinligi va Vatan obodligining eng mustahkam poydevoridir. Ohangaron zaminida har bir qarich yer oltinga aylanmoqda, har bir mehnat esa e’zoz topmoqda.
Islohotlar shiddati dalada ko‘rinadi, natijasi esa xalqimiz dasturxonida aks etadi!