Kuni kecha shahrimiz yoshlari o‘rtasida harbiy-vatanparvarlik ruhini mustahkamlashga qaratilgan «Shunqorlar» harbiy-sport musobaqasining shahar bosqichi o‘tkazildi. Musobaqa Ohangaron shahar Mudofaa ishlari bo‘limi, shahar Texnikumi, Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi, shahar hokimligi, Favqulodda vaziyatlar bo‘limi hamda «Vatanparvar» tashkiloti hamkorligida, O‘smirlar sport texnika markazi tashabbusi bilan tashkil etildi.
Tadbir shahar bolalar va o‘smirlar sport maktabi sport maydonida bo‘lib o‘tdi.
Unda shahar umumta’lim maktablaridan 8 ta jamoa hamda shahar Texnikumi jamoasi ishtirok etdi. Musobaqa shartlariga ko‘ra, har bir jamoa 6 nafar o‘g‘il bola va 3 nafar qiz boladan iborat tarkibda qatnashdi.
Hozirgi yoshlar juda zaif va nozik deb fikr yuritadigan ayrim insonlarga musobaqa orqali bu fikrning aksini so‘zsiz isbot qilindi. Bir-biridan turli jihatlari bilan ajralib turadigan kuchli yoshlarimiz raqobatni his etib, murosasiz va qizg‘in bellashuvlarga boy tarzda bellashdilar. G‘olib jamoalar «Vatanparvar» tashkiloti tomonidan kubok, faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Bu kabi musobaqalar yoshlar ongida vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish, jismoniy barkamollikni rivojlantirish hamda kelajak himoyachilarini tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.