Ohangaron Hayoti

1932-yildan chop etiladi

MAMONT SUYAGI BOR, MUZEY ESA YO‘Q

Ohangaron tumanining 100 yilligi va Ohangaron shahrining 60 yilligi oldidan

Joriy yil Ohangaron uchun chinakam yubileylar yilidir. 29-sentyabr kuni Ohangaron tumanining bir asrlik (100 yillik) to‘yini, 27-dekabrda esa Ohangaron shahri tashkil topganining 60 yilligini nishonlaymiz. Ana shu muhim sanalar munosabati bilan tumanda o‘lkashunoslik muzeyini tashkil etish ayni muddao bo‘lar edi. Bu haqida gazetamizda bir necha bor maqolalar berilgan, ijodkorlar va tarix ixlosmandlari tomonidan ham tegishli tashkilotlarga takliflar bildirilgan. Ammo, afsuski, bu borada haligacha amaliy natija kuzatilmadi.

Ohangaron tumanining tarixi, ildizlari juda chuqur va boy. Har yili tarixni jonlantirish va uni yosh avlodga yetkazish maqsadida O‘rgozsoy kengliklarida «Ilok» festivali o‘tkazib kelinmoqda. Bu esa hududning o‘tmishiga bo‘lgan e’tibor va hurmatning yorqin namunasidir. Biroq, tarixni faqat tadbirlar orqali emas, balki doimiy manbalar, muzey, tarixiy eksponatlar orqali ham saqlash va targ‘ib etish muhim.

Qo‘shni Angren shahridagi muzeyga deyarli har bir fuqaro tashrif buyorgan bo‘lsa kerak. U yerda nafaqat Angren, balki Ohangaron va Olmaliq kabi hududlarning tarixi ham keng yoritilgan. E’tiborlisi shundaki, muzeydagi ko‘plab eksponatlar aynan Ohangaron tumani hududlaridan topilgan. Shu bois, har yili tumanimizdagi maktab va bog‘cha tarbiyalanuvchilari ushbu muzeyga sayohatga olib boriladi. Ular esa bir savol bilan qaytishadi: «Nima uchun Ohangaronda shunday muzey yo‘q?»

Aslida, muzey tashkil etish nafaqat tarixiy ashyolarni saqlash, balki yosh avlodni o‘tmish bilan tanishtirish, shuningdek, tumanni turistik hudud sifatida rivojlantirishga ham xizmat qiladi. Ohangaron hududi boy tabiati, foydali qazilmalari, tabiiy resurslari va noyob topilmalari bilan nafaqat Toshkent viloyati balki respublikada ham ajralib turadi. Jumladan, bundan bir necha yil avval tumanimizning G‘o‘soy va Ko‘chbuloq mahallalaridan sopol idishlar va qadimgi tangalar topilgan edi. Hududimizda muzey mavjud bo‘lmaganligi sababli, bu topilmalar respublika muzeylariga olib ketilgan edi. Shuningdek, tuman hududidan million yillik tarixga ega mamont suyagining topilishi ham katta ilmiy va tarixiy ahamiyatga ega voqea bo‘lgan edi. Tumanimiz tarixida hali ochilmagan sahifalar bisyor, hududning muzeyini tashkil qilish orqali ana shu sahifalarni tarixiy faktlar, ashyolar bilan boyitib borishimiz mumkin.

Ohangaronda muzey tashkil qilish borasidagi taklif yuzasidan faol jamoatchilik vakillari hamda mutaxassislar bilan suhbatlashdik.

Ohangaronga muzey kerak

Ozod XUSHNAZARODA, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, faxriy jurnalist:

– Tumanimizda muzey tashkil etish masalasi yuzasidan jamoatchilik faollari tomonidan bir necha bor murojaatlar qilingan bo‘lsada, amaliy natijaga erishilmadi. Ammo aynan shu yubiley munosabati bilan tuman markazida mo‘jazgina muzey tashkil etish ayni muddao bo‘lar edi.

Zero, tuman tarixini yaxshi biladigan mehnat faxriylari saflari yil sayin kamayib bormoqda. Ularning hayotlik chog‘ida qimmatli ma’lumotlarni olish, tarixni yozib qoldirish va uni kelajak avlodga yetkazish bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir. Shuningdek, tumanimizda o‘z ota-bobolaridan qolgan turli tarixiy ashyolarni asrab kelayotgan oilalar ham talaygina. Agar tuman markazida muzey tashkil qilinsa, aholi qo‘lidagi tarixiy yodgorliklarni ushbu dargohga topshirib, hududimiz o‘tmishi haqida yanada boy va ishonchli ma’lumotlar shakllanishiga hissa qo‘shgan bo‘lar edi.

O‘lkashunoslik muzeyi kerak! Ammo…

Alisher KOMILXONOV, o‘qituvchi, faol ijodkor:

– Bundan chorak asr muqaddam Akrom A’zamov (O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Ikkinchi jahon urushi ishtirokchisi, ko‘p yillar davomida shahrimizda urush qatnashchilari bo‘limini boshqargan) tashabbusi bilan muzey tashkil etilgan edi. Afsuski, keyinchalik u yo‘qolib ketdi. Bugungi kunda esa na tumanimizda, na shahrimizda birorta muzey mavjud emas.

Ma’lumot o‘rnida aytishimiz joizki, bugun viloyatimizda Chirchiqda (o‘lkashunoslik), Angren shahrida (Angren shahar tarixi muzeyi), Oqqo‘rg‘on tumanida, Parkent tumanida (Chotqol biosfera qo‘riqxonasi) muzeylari va yaqin-yaqingacha Olmaliq o‘lkashunoslik muzeylari faoliyat yuritmoqda…

Fikrimcha, Ohangaronga albatta, o‘lkashunoslik muzeyi kerak. Zero, hududimiz tarixi juda qadimiy va qiziqarli. Kamida milodiy IV asrlarga borib taqaladi. Agar «Burgalik madaniyati»ni nazarda tutsak, bu tarix miloddan avvalgi XI–VII asrlargacha yetib boradi. Bu esa qariyb 29 asrlik o‘tmish demakdir.

Ammo, afsuski, muzey yaqin vaqtlarda tashkil etiladi, deb aytish mushkul. Chunki, bu borada bir qancha «ammo», «biroq» va «lekin»lar bor. Avvalo, kundalik tashvishlar bilan ovora bo‘lib, moziyga qiziqish susayib bormoqda. Shu bilan birga, ayrim mas’ullar uchun bu kabi tashabbuslar «ortiqcha yuk»dek tuyuladi. Zero, muzey tijoriy foyda keltirmaydi, aksincha doimiy ravishda budjet mablag‘larini talab qiladi. Bu esa mahalliy Kengash deputatlaridan faollik, tashabbuskorlik va vatanparvarlikni talab etadi.

Xulosa qilib aytganda, Ohangaronda o‘lkashunoslik muzeyi yaqin orada tashkil etilishi qiyindek. Vaqt esa o‘tmoqda… Bizdan keyingi avlod bu holatni qanday baholar ekan?

Ohangaronda muzey tashkil etish qonunan mumkin emas, biroq…

Muqaddam BEGMURADOVA, Toshkent viloyati Madaniy meros boshqarmasi mas’ul xodimi:

– Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, muzeylar tashkil etishning aniq tartibi va talablari mavjud. Jumladan, «Muzeylar to‘g‘risida»gi Qonun hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga muvofik, yangi muzey tashkil etish uchun uning konsepsiyasi, fondi, ilmiy asosi va moddiy-texnik bazasi yetarli darajada shakllangan bo‘lishi lozim.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, Ohangaronga yaqin hududlarda Angren va Olmaliq shaharlarida muzeylar faoliyat yuritmoqda. Ularda Ohangaron vohasiga oid arxeologik topilmalar, tarixiy ashyolar, flora va fauna namunalari, arxeologik tadqiqotlar natijalari hamda etnografik materiallar saqlanib, mahalliy va xorijiy sayyohlarga hudud tarixi haqida ma’lumot berib kelinmoqda. Shu sababli, bir hududga oid mazmunan o‘xshash muzeylarni o‘ta yaqin masofada tashkil etish masalasi amaldagi tartiblarga ko‘ra cheklangan holda ko‘rib chiqiladi.

Shu bilan birga, qonunchilikka muvofiq, har qanday binoda muzey ochish mumkin emas. Xususan, uy-muzeylar davlat va jamiyat rivojiga ulkan hissa qo‘shgan, tarixiy ahamiyatga ega shaxslar yashab ijod qilgan uylar negizida, Prezident farmonlari asosida tashkil etiladi.

Ohangaronliklar tomonidan Qoraxitoy mahallasidagi Abduqodir qozining uyini uy-muzeyga aylantirish bo‘yicha takliflar bildirilgan. Biroq, bunday obyektni muzey sifatida tashkil etish uchun mazkur shaxsning tarixiy ahamiyati ilmiy jihatdan asoslangan bo‘lishi va binoning holati talab darajasida saqlangan bo‘lishi lozim. Hozircha bu borada yetarli dalillar mavjud emas.

Muqobil yechim sifatida Ohangaron tumanining yuz yilligi munosabati bilan Angren yoki Olmaliq muzeylarida alohida doimiy yoki vaqtinchalik ko‘rgazma tashkil etish maqsadga muvofiq. Unda hudud tarixi, etnografiyasi, arxeologiyasi, madaniy merosi va hunarmandchilik an’analari namoyish etilishi, turli madaniy tadbirlar o‘tkazilishi mumkin. Bu borada boshqarmamiz tomonidan amaliy ko‘mak beriladi.

Bundan tashqari, hozirgi kunda ham Ohangaron hududi aholisi tomonidan saqlanayotgan asori-atiqalarni o‘zlariga yaqin bo‘lgan muzeylarga «Milliy merosga mening hissam» aksiyasi doirasida taqdim etishlari mumkin. Rag‘bat sifatida esa viloyat hokimligi tomonidan pul mukofotlari bilan taqdirlanishadi. Bu esa tariximizni asrab-avaylab, vorislarimizga sof holda yetkazish imkonini beradi.

Xulosa

Yuqoridagi masala ayrimlar uchun dolzarb tuyulmas, yana ayrimlar esa bunga e’tibor qaratishni istamas, biroq, muzey – bu shunchaki eski ashyolar, asori-atiqalar saqlanadigan joy emas. U balki xalqning, hududning o‘zligiga tutilgan ko‘zgudir. Ohangaron vohasidan topilgan mamont suyaklari yoki qadimgi tangalarimiz boshqa shaharlardagi muzeylar peshtaxtalarida turishi, yoshlarimiz esa o‘z tarixini qo‘shni tumanlardan izlashi to‘g‘ri bo‘lmaydi. Bir asrlik yubiley faqat bayram dasturxoni va tantanalar emas, balki kelajak avlodga qoladigan ma’naviy meros bo‘lishi kerak. Vaqt g‘animat, tarix guvohlari bo‘lgan nuroniylarimiz hayot ekan, bugungi befarqligimiz ertaga kechirib bo‘lmas xatoga aylanmasidan tuzatmog‘imiz darkor.

Zero, Ohangaronda muzey tashkil etish yillar davomida qog‘ozlarda va takliflarda qolib kelayotgan masala. Mutasaddilarning «qonuniy cheklovlar» va «budjet xarajatlari» haqidagi masalalari o‘ylaymizki, mahalliy Kengash deputatlari va mas’ul hokimlik vakillari uchun to‘siq emas, balki izlanish uchun vazifa bo‘ladi. Agar biz bugun tarixiy eksponatlarimizni jamlay olmasak, ertaga Ohangaronning boy o‘tmishi faqat darsliklardagi bir necha qator matn bo‘lib qolaveradi.

Sevara TURG‘UNOVA, «Ohangaron hayoti» muxbiri.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

DOLZARB MAQOLALAR

VATANPARVARLIK VA JASORAT SINOVI

Kuni kecha shahrimiz yoshlari o‘rtasida harbiy-vatanparvarlik ruhini mustahkamlashga qaratilgan...

MUROJAATLAR MARKAZIDA INSON MANFAATI

Kuni kecha shahrimizda navbatdagi sayyor qabul bo’lib o’tdi. Xalq qabulxonasi binosida...

KICHIK QALBLARDA KATTA G`OYALAR

Atrof-muhitni asrash, chiqindilardan oqilona foydalanish va tabiatga mehr bilan munosabatda...

ENG MUHIM MAQOLALAR

MAMONT SUYAGI BOR, MUZEY

Ohangaron tumanining 100 yilligi va Ohangaron shahrining 60 yilligi oldidan Joriy yil Ohangaron...

HALQNING DARDIGA QULOQ TUTGAN

GULOBODDAGI UCHRASHUV: Bahrom To‘rayevich har bir fuqaroni diqqat bilan tingladi. Uning nigohidagi...

MO‘MINOBODLIK CHORVADORLAR SULOLASI

Оhangaron tumanining 100-yilligi oldidan Tumanimizda Mo‘min ota Xolto‘rayev nomini bilmaydigan inson...

Gazetamizga obuna bo'ling

Ohangaron hayotidagi so’nggi yangiliklar bilan birinchilardan
bo’lib tanishing. Har juma yangi son — saytimizda va ijtimoiy tarmoqlarda!