Ba’zan ortga qarab, bosib o‘tgan yo‘limizni xayolan ko‘z oldimizdan o‘tkazsak, ilgari tushdek tuyulgan, hatto ishonib bo‘lmas orzularimiz asta-sekin haqiqatga aylanib borayotganini anglaymiz. Biz, oddiygina bir qishloq maktabi o‘quvchilari ham shunday orzularga ega edik. Mashhur, obro‘-e’tiborga ega yozuvchi yoki shoirlar bilan yuzma-yuz uchrashish, ular bilan suhbatlashish, bu darajaga yetishish yo‘lida qanday bosqichlardan o‘tganini bilish – biz uchun uzoq va erishib bo‘lmas orzudek tuyulardi.
Chunki ko‘pincha e’tibor yirik shaharlardagi ixtisoslashtirilgan yoki Prezident maktablariga qaratiladi, kichik qishloq maktablariga esa kamroq nazar tashlanadi, degan fikr ongimizga singhib ketgan edi. Ammo hayot o‘zining kutilmagan sovg‘alari bilan bizni yanglishayotganimizni ko‘rsatdi. Bugun bizning mo‘jazgina 20-maktabimiz nafaqat hududimizda, balki tuman va viloyat miqyosida ham o‘z o‘rniga ega, har tomonlama ilg‘or ta’lim maskanlaridan biri ekanini natijalarimiz bilan isbotlab kelmoqda. Har hafta, har oy qo‘lga kiritilayotgan yutuqlarni nishonlash biz uchun odatiy holga aylanib ulgurgan.
Ana shunday quvonchli voqealardan biri maktabimiz tarixida unutilmas kun sifatida muhrlandi. Chunki aynan shu kuni zamonaviy o‘zbek adabiyotining iste’dodli vakili, yoshlar qalbidan chuqur joy olgan asarlar muallifi Javlon Jovliyev maktabimizga tashrif buyurdi.
Aslida yozuvchi o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida 12-yanvar kuni birinchi manzil aynan 20-maktab bo‘lishini ma’lum qilgan edi. Bu xabarni eshitganimizda barchamizda hayajon va quvonch uyg‘ondi. Shu bilan birga, bir savol ham paydo bo‘ldi: nega aynan bizning maktabimiz? Nega yirik shaharlardagi boshqa maktablar emas? Ba’zilarimiz yozuvchini qishlog‘imizning go‘zal manzaralari jalb qilgan bo‘lsa kerak, deb o‘yladik.
Bizning kichik, biroq bag‘ri keng informatika xonamizda (afsuski maktabimizda faollar zali yo‘q) ma’rifiy davra suhbati tashkil etildi. Ushbu uchrashuvda yozuvchining ustozlaridan biri Rayxon Xayrullayeva ham ishtirok etdi. Ustoz o‘z shogirdi haqida so‘z yuritar ekan, yozuvchining muvaffaqiyatga erishishida kitobga bo‘lgan muhabbat asosiy omil bo‘lganini ta’kidladi. Suhbat davomida yozuvchi o‘zining o‘smirlik davri, kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishi, hayotdagi qiyinchiliklarni qanday yenggani haqida samimiy hikoya qildi. U yosh avlodga kasb tanlash, maqsad sari intilish va bilim olish borasida qimmatli maslahatlar berdi. Ayniqsa, uning quyidagi so‘zlari barchamizni chuqur o‘yga toldirdi:
«Men kitob o‘qimagan paytlarimda hayotni qora rangda ko‘rar edim. O‘nta kitob o‘qiganimda hayotni oq-qora, yuzta kitob o‘qiganimda g‘ira-shira, mingta kitob o‘qiganimda esa hayotni yorqin ranglarda tasavvur qila boshlaganman».
Ijodiy uchrashuv yakunida yozuvchi maktab kutubxonasiga o‘z kitoblarini sovg‘a qildi hamda o‘quvchilar va o‘qituvchilar bilan esdalik uchun suratga tushdi. Uning yoshlarga bo‘lgan samimiy ishonchi va mehr-muhabbati har birimizning qalbimizda chuqur iz qoldirdi.
Shodiyona ABDULAZIZOVA, Gulchiroy BOYZOROVA, Farida QAYUMOVA, tumanimizdagi 20-umumta’lim maktabining «Yosh muxbirlar» to‘garagi a’zolari.