Ohangaron Hayoti

1932-yildan chop etiladi

MO‘MINOBODLIK CHORVADORLAR SULOLASI

Оhangaron tumanining 100-yilligi oldidan

Tumanimizda Mo‘min ota Xolto‘rayev nomini bilmaydigan inson kam topiladi. Uni oddiy cho‘pon deb atash kamlik qiladi, u haqiqiy mehnat fidoiysi, chorvadorlar sarkori edi. Afsuski, bugun ana shunday inson oramizda yo‘q. Ammo uning umr yo‘li, qilgan ishlari, qoldirgan merosi xalq xotirasida mangu saqlanib qoladi.

Mo‘min ota 1928-yilda tug‘ilgan. Bolaligi og‘ir sinovlar bilan o‘tdi. Otasi nohaq qamalgan, onasidan esa juda erta ayrilgandi. Yosh bo‘lishiga qaramay, u hayotning achchiq-shirinini barvaqt totib ko‘rdi. Tirikchilik uchun odamlarning molini boqib, bir bo‘lak non, bir hovuch mayiz yoki turshak evaziga mehnat qildi. Shu yo‘l bilan oilasini boqishga harakat qildi. Etimlik va muhtojlik uni sindirmadi, aksincha, toobladi. U 12 yoshidan cho‘ponlikka ko‘ngil qo‘ydi. Avval otasi o‘rnida mol boqdi, keyin esa mustaqil ravishda qo‘ychilik bilan shug‘ullandi. Qishning sovug‘i, yozning jaziramasi, tungi xushyorlik, barchasi uning kundalik hayotiga aylandi. U chorvadorlikni hayot mazmuni deb bildi.

Dastlab jamoa xo‘jaligida ishlab, keyinchalik 500 bosh mayda molni boshqargan bosh cho‘ponga aylandi. Uning mehnati samara berdi, har 100 sovliqdan 100 dan ortiq qo‘zi olishga, har bir qo‘ydan qariyb 5 kilogramm yung olishga erishdi. Bu esa o‘sha davrda katta yutuq hisoblanardi. Mo‘min ota chorvadorlik sirlarini chuqur o‘rganib, yangi zotlar yaratishga ham hissa qo‘shdi. Shu mehnatlari evaziga «Xalq seleksioneri» unvoniga sazovor bo‘ldi.

U bir necha bor Butunittifoq ko‘rgazmalarida ishtirok etib, turli nishon va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. 1973-yilda «Oktyabr Revolutsiyasi» ordeni, shuningdek «Qizil bayroq» ordeni bilan mukofotlanishi uning mehnatiga berilgan yuksak baho edi. Bu mukofotlar ortida yillab qilingan mashaqqatli mehnat, sabr va fidoiylik mujassam edi.

Mo‘min ota uchun oila alohida o‘rin tutardi. Turmush o‘rtog‘i Qurbonoy aya bilan yelkadosh bo‘lib, 12 nafar farzandni voyaga yetkazishdi. U farzandlarini bilimli, halol va mehnatsevar insonlar qilib tarbiyalashni o‘z oldiga maqsad qildi. Shu orzuni amalga oshirish uchun qo‘lidan kelgan barcha imkoniyatni ishga soldi. To‘ng‘ich o‘g‘li Abduvali zootexnik mutaxassis bo‘lib yetishdi va tuman chorvachiligi rivojiga munosib hissa qo‘shdi. Abdurazzoq, Abdumannon, Izzatoy kabi farzandlari ham jamoat ishlarida faol bo‘lib, tuman hayotida o‘z o‘rniga ega bo‘lishdi. Ayrimlari deputat sifatida xalq manfaati yo‘lida xizmat qildi. Oila farzandlari aksari ota yo‘lidan borib, fermerlik va chorvachilikni rivojlantirishmoqda. Oybek Xolto‘rayev tuman chorvadorlari orasida obro‘ga ega bo‘lsa, Ziyodoy, Nurbek, Baxtiyor, G‘ayrat kabi farzandlari ham mamlakatimizda fermerlik harakatiga o‘z hissalarini qo‘shmoqda. Ular zamonaviy usullar asosida ishlab, Turkiyadan keltirilgan «Angor» echkilari, Mo‘g‘ulistondan keltirilgan «Meronos» zotli qo‘ylarini ko‘paytirishni yo‘lga qo‘yishgan. Eng e’tiborlisi, bu – oiladagi ahillik. Farzandlar bir-biriga suyanadi, qiyin paytda yelkadosh bo‘ladi. Ular muntazam ravishda ehtiyojmand oilalarga yordam berib, otasidan olgan insoniylik saboqlarini amalda ko‘rsatib kelishmoqda.

Bir vaqtlar 5-10 xonadondan iborat bo‘lgan Aqshatoy qishlog‘i bugun katta va obod maskanga aylangani ham bejiz emas. Xolto‘rayevlar oilasining tashabbusi va homiyligi bilan qishloq gazlashtirildi, obodonlashtirildi. Aholi esa minnatdorlik ramzi sifatida qishloqqa Mo‘minobod deb nom berdi. Bu inson mehnatiga berilgan eng yuksak bahodir.

Mo‘min ota bugun oramizda yo‘q. Ammo uning halol mehnati, el-yurtga qilgan xizmati, farzandlariga bergan tarbiyasi va qoldirgan izi barchamiz uchun ibrat bo‘lib qoladi. Uning farzandlari va nabiralari bu nomni munosib davom ettirib, xalq orasida hurmat-e’tibor bilan yashab kelmoqda. Bu esa har qanday inson uchun eng katta boylik – yaxshi nom va ezgu iz qoldirish demakdir.

Nozima OPPOQOVA.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

DOLZARB MAQOLALAR

VATANPARVARLIK VA JASORAT SINOVI

Kuni kecha shahrimiz yoshlari o‘rtasida harbiy-vatanparvarlik ruhini mustahkamlashga qaratilgan...

MUROJAATLAR MARKAZIDA INSON MANFAATI

Kuni kecha shahrimizda navbatdagi sayyor qabul bo’lib o’tdi. Xalq qabulxonasi binosida...

KICHIK QALBLARDA KATTA G`OYALAR

Atrof-muhitni asrash, chiqindilardan oqilona foydalanish va tabiatga mehr bilan munosabatda...

ENG MUHIM MAQOLALAR

MAMONT SUYAGI BOR, MUZEY

Ohangaron tumanining 100 yilligi va Ohangaron shahrining 60 yilligi oldidan Joriy yil Ohangaron...

HALQNING DARDIGA QULOQ TUTGAN

GULOBODDAGI UCHRASHUV: Bahrom To‘rayevich har bir fuqaroni diqqat bilan tingladi. Uning nigohidagi...

MO‘MINOBODLIK CHORVADORLAR SULOLASI

Оhangaron tumanining 100-yilligi oldidan Tumanimizda Mo‘min ota Xolto‘rayev nomini bilmaydigan inson...

Gazetamizga obuna bo'ling

Ohangaron hayotidagi so’nggi yangiliklar bilan birinchilardan
bo’lib tanishing. Har juma yangi son — saytimizda va ijtimoiy tarmoqlarda!