QIZG’ALDOQDEK UMR (yoxud Ohangaron bolalarining najotkori edi)

2022-yil. Tungi soat ikkilar atrofi. Tuman tibbiyot birlashmasining sokin yo’laklarini onaning faryodi titratib yubordi: «Yordam bering, doktor! Bolamni qutqaring!».

O’sha vaqtda men ham o’g’lim bilan shifoxonada davolanayotgan edim. Ko’pchiligimiz xavotir bilan tashqariga yugurdik. Og’ir ahvoldagi 4 yoshli bolakayni bag’riga bosgan onaning ko’zlarida cheksiz qo’rquv bor edi. Shu paytda shifokor Bozorgul Mo’minova paydo bo’ldi. U sovuqqonlik bilan, lekin shiddat bilan ishga kirishdi. Bolani zudlik bilan stol ustiga yotqizib, yurak massajini boshladi. Har bir soniya g’animat edi. Bir necha lahzalik kurashdan so’ng, bolakayning yuragi yana ura boshladi….

Keyin ma’lum bo’lishicha, onaning o’zboshimchalik bilan qilgan «muolajasi» — tomoqqa sepilgan dori kuchli allergik reaksiya berib, bolaning nafas olishi og’irlashgan ekan. Shifokorlarning o’z vaqtida to’g’ri tashxis qo’yishi va tezkor yordami tufayli bolaning salomatligi tiklandi. Ikki kundan keyin bemor bola sog’ayib, «palata»ga o’tkazildi. O’shanda Bozorgul opa shifoxona oshxonasida barcha onalarni yig’ib, samimiy suhbat o’tkazgan edi.

— Hurmatli onalar, vaqtingizni olayotganim uchun uzr. Ammo bu farzandlaringiz salomatligi uchun juda muhim. Iltimos, bolalaringiz kasal bo’lsa, o’zboshimchalik bilan davolashga urinmang. Dori vositalarining tarkibi, dozasi va ta’sirini bilmasdan, shifokor tavsiyasisiz ularni qo’llamang — deya kuyunib gapirgan edi. Uning bu samimiy suhbati menda katta taassurot qoldirdi.

U haqida…

Bozorgul Mo’minova 1967-yil 22-yanvarda Akcha qishlog’ida tavallud topgan. Yoshligidan shifokor bo’lishni orzu qilgan qahramonimiz 1990-yilda Toshkent Davlat Pediatriya institutiga o’qishga kiradi. 1997-yilda oliygohni tamomlab, Olmaliq shahar bolalar shifoxonasida mehnat faoliyatini boshlaydi. Qahramonimiz ilk faoliyatini Olmaliq shahrida boshlagan bo’lsa-da, uning asosiy mehnat faoliyati Ohangaron tumani bilan bog’lanadi. 28 yil davomida Ohangaron tuman Tibbiyot birlashmasida shifokor, mas’ul xodim sifatida mehnat qiladi.

U faoliyati davomida reanimatolog sifatida o’lim bilan yuzma-yuz kelgan yuzlab bolalar hayotini saqlab qoldi. Keyinchalik tuman bosh pediatri va bolalar poliklinikasi mudirasi lavozimlarida ishlab, tizimni isloh qilishga intildi. Uning ishxonasi devorlarida nafaqat tibbiy qo’llanmalar, balki badiiy adabiyotlardan parchalar ham ilinib turardi. U hamkasblarini ham doim mutolaaga, o’z ustida ishlashga chorlardi.

Bozorgul Mo’minova nafaqat shifokor, balki chin inson edi

Bemorlardan biri Gulbahor Muhammadalieva fidoiy shifokorni iliq xotiralar bilan xotirlaydi: «Qizimning kasalligiga hech qayerda tashxis qo’ya olishmadi. Bozorgul opa sinchiklab tekshirib, buyrakdagi muammoni topdi. Hatto biz viloyat markazida davolanayotganimizda ham kelib, holimizdan xabar oldi. Bunday e’tiborni har kimdan ham kutib bo’lmaydi. U nafaqat shifokor, balki chin inson edi» — deydi u.

Hamkasbi bemor bolajonlarga shunchaki navbatdagi bemor sifatida emas, balki o’z farzandidek mehr va e’tibor bilan qarardi. «Bolajonlar yurtimizning egalari, ularni ko’z qorachig’imizdek asrashimiz kerak» — derdi. Bugun hamkasbimiz oramizda yo’q, ammo ular qoldirgan iliq xotiralar yodimizda muhrlanib qolgan, — deya esga oladi hamkasblari.

So’nggi so’z o’rnida

Afsuski, ko’pgina yaxshi insonlarning umri qizg’aldoq guli kabi qisqa bo’ladi. Ular atrofiga mehr, hayot, yaxshilik, go’zallik baxsh etadi. Ammo erta to’kiladi….

Mohir shifokor, shogirdlarining sevimli ustozi, Ohangaronning minglab farzandlariga darmon bo’lgan, o’z kasbiga hayotini baxshida etgan Bozorgul Mo’minova 2025-yilning kech kuzida og’ir xastalik tufayli bu yorug’ olamni tark etdi.

Biroq, insonning nomi uning qilgan ezgu amallari bilan yashaydi. Bugun tuman bolalar bo’limiga borgan har bir inson Bozorgul Mo’minovani najotkor shifokor deb xotirlaydi. Uning porloq siymosi shogirdlarining faoliyatida va sog’ayib ketgan minglab bolajonlarning tabassumida yashab qolaveradi.

Sevara Hayrulla qizi.

Один ответ

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

DOLZARB MAQOLALAR

XALQNING DARDIGA QULOQ TUTGAN

GULOBODDAGI UCHRASHUV: Bahrom To‘rayevich har bir fuqaroni diqqat bilan tingladi. Uning nigohidagi...

Xorijda stajirovka — zamonaviy

PF–21-sonli Farmon bilan yangilangan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining 371-bandiga muvofiq...

Pirimqul Qodirov — “Yulduzli

…Ohangaron vodiysi o‘zining mag‘rur tog‘lari, yam-yashil kengliklari va shiddat bilan oquvchi...

ENG MUHIM MAQOLALAR

MAMONT SUYAGI BOR, MUZEY

Ohangaron tumanining 100 yilligi va Ohangaron shahrining 60 yilligi oldidan Joriy yil Ohangaron...

MO‘MINOBODLIK CHORVADORLAR SULOLASI

Оhangaron tumanining 100-yilligi oldidan Tumanimizda Mo‘min ota Xolto‘rayev nomini bilmaydigan inson...

ADIRLIKDA UNGAN «AVATAR»

Yaqin-yaqingacha Ohangaronning Shodmalik mahallasi atrofidagi qir-adirlar faqat chorva boqiladigan...

Gazetamizga obuna bo'ling

Ohangaron hayotidagi so’nggi yangiliklar bilan birinchilardan
bo’lib tanishing. Har juma yangi son — saytimizda va ijtimoiy tarmoqlarda!