109 YOSHLI HOJAR ONA KUNDALIGIDAGI TARIX IZLARI

Muqaddima: Hojar Imonova: 1917-yilda Ohangaron tumanida tug’ilgan, mehnat faxriysi. Urush yillari front ortida mehnat qilib, urushning sovuq kunlarini xotiralar kundaligiga bitib borgan. Qahramonimiz joriy yilda 109 yoshni qarshi oladi. Hojar Imonova tumanimizning kayvoniy onaxonlaridan biri bo’lib, 2021-yil 25-avgustda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga asosan «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan.

  1. Men Fozil otaning to’ng’ich farzandiman. Balki ota-onam qizimizning boshi toshdek mustahkam bo’lsin, deya ismimni Hojar qo’yishgandir. Ism yarim taqdir deganlaridek, taqdir yozilgan sinovlarga toshdek bardosh qildim. Bolaligim va yoshligim urushning sovuq yillari, ocharchilik va og’ir mehnat iskanjasida o’tdi. Bu qiyinchiliklar jigarlarimning bag’rini tilka-pora qilgan edi. Yillar yillarni quvib o’taverdi, men esa jigarlarimni birin-ketin so’nggi manzilga kuzatib qolaverdim.
  2. Bir jurnalist meni «Tirik tarix kitobi» deb ta’riflagan edi. Haqiqatan ham, tarixning suronli yillarini, suyakni qaqshatgan ocharchilikni, rus dohiylari boshqargan davrlarni, Mustaqillikning ilk shabbodalarini va nihoyat Yangi O’zbekistonning islohotlar davrini o’z ko’zim bilan ko’rdim. Shukur. O’tgan umrimdan roziman, ammo…
  3. 1940-yil. Qishlog’imizda mehnatkashligi va halolligi bilan hurmat topgan Xolmat Imonov bilan oila qurdim. Olti farzandning ota-onasi bo’lishdek oliy baxtga erishdik.
  4. 1941-yil. Urush. Jang. Qora xat... Urush bu — onalar, go’daklar va yigirmaga ham kirmay beva qolgan ayollarning ohu nolasi dunyoni larzaga keltirgan zamonlar edi. Qishloqdoshlarimni olib ketgan mashinalar qaytishda bo’sh qaytar, ko’p o’tmay pochtachining sumkasidan qishloq ustiga «qora xat»lar yog’ilardi. «Voh, bolam!», «Voy, jigarim!», «Otajon!» degan faryodlar Arshni titratardi.
  5. 1941-1945 yillar. Radio va gazetalar har kuni mudhish xabarlar tarqatar, tik oyoqda ketgan azamatlar majruh bo’lib qaytardi. Har tong brigadirning hushtagi butun qishloqni uyg’otardi. Biz frontdagi yaqinlarimiz uchun ertayu kech mehnat qilar, o’g’lonlarimiz esa jang maydonida qon kechardi. Urush hech kimni ayamadi. Bir kuni brigadirning hushtagi bizni kartoshka dalasi tomon chorladi. Hamqishlog’im, uch farzandning onasi — qo’shni yangam bilan yonma-yon agat chopardik (ismlari yodimda qolmagan). Kutilmaganda yerga yiqildi. Bu na holsizlik, na ochlikdan edi… U kecha eridan «qora xat» olgan, xatni menga ko’rsatib, qaynonasi va bolalariga nima deyishni bilmayotganini aytdi, sirini fosh qilmasligimni so’radi. U erining o’lganiga ishonmadi. Butun umr yo’l qarab o’tdi. Qaynonasi «bolam qachon kelarkan?», deya jon berdi, farzandlari ota diydori ilinjida voyaga yetdi. Turmush o’rtog’ining o’limini tan olishdan ko’ra, umid bilan kutib yashash unga taskin berardi.
  6. O’tgan umrim sarhisobi juda olis. Unda dehqonchilik, bog’dorchilik va ipakchilikning zahmatli sahifalari bor. Har bir bo’limda shukronalik va yo’qotishlar nomi yonma-yon zikr qilingan.
  7. 1986-yilda suyanchim, turmush o’rtog’im bu yorug’ olamni tark etdi. U mendan rozi ketdi, men ham undan roziman. Asl baxt bu juftliklarning bir-biridan mamnun holda umr kechirishida. Biz birga yashagan damlarimizga «Baxtlimiz» degan sarlavha qo’ya oldik.
  8. Bugun bir asrlik dovonni bosib o’tdim. Odamlar menga havas bilan qarashadi, ibrat olishadi, duo so’rashadi. Qo’llarimni duoga ochib, yaxshiliklar tilayman. Biroq, inson uchun eng og’ir yuk — bolasini tuproqqa topshirish ekan. Ota-onani ko’mish — farzand uchun meros, ammo farzandni so’nggi yo’lga kuzatish… Men tiriklayin o’lishni uch bor his qildim…
  9. Tinchlik — bu faqat urushning yo’qligi emas, balki onalarning farzand yo’liga xavotirsiz qaray olishi, bolalarning ochlikdan emas, sho’xlikdan yig’lashidir. Men kabi jang zahrini, qora xatlar sovug’ini va ochlik azobini totganlar uchun tinchlik — eng oliy mukofot. Ilohim, dunyoning hech bir nuqtasida onalar farzand dog’ini ko’rmasin, urushning nomi o’chsin. Tinchlik, ozodlik, bugungi dorilamon kunlarga yetganimizga shukronalar keltiraman. Zero, bolam hech qachon urush bo’lmasin…

    Hojar Imonova xotiralari asosida

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

DOLZARB MAQOLALAR

XALQNING DARDIGA QULOQ TUTGAN

GULOBODDAGI UCHRASHUV: Bahrom To‘rayevich har bir fuqaroni diqqat bilan tingladi. Uning nigohidagi...

Xorijda stajirovka — zamonaviy

PF–21-sonli Farmon bilan yangilangan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining 371-bandiga muvofiq...

Pirimqul Qodirov — “Yulduzli

…Ohangaron vodiysi o‘zining mag‘rur tog‘lari, yam-yashil kengliklari va shiddat bilan oquvchi...

ENG MUHIM MAQOLALAR

MAMONT SUYAGI BOR, MUZEY

Ohangaron tumanining 100 yilligi va Ohangaron shahrining 60 yilligi oldidan Joriy yil Ohangaron...

MO‘MINOBODLIK CHORVADORLAR SULOLASI

Оhangaron tumanining 100-yilligi oldidan Tumanimizda Mo‘min ota Xolto‘rayev nomini bilmaydigan inson...

ADIRLIKDA UNGAN «AVATAR»

Yaqin-yaqingacha Ohangaronning Shodmalik mahallasi atrofidagi qir-adirlar faqat chorva boqiladigan...

Gazetamizga obuna bo'ling

Ohangaron hayotidagi so’nggi yangiliklar bilan birinchilardan
bo’lib tanishing. Har juma yangi son — saytimizda va ijtimoiy tarmoqlarda!