Ohangaron
Hayoti

YUZ YOSHLI BOBONING IQRORI

Tumanimizda Ikkinchi jahon urushi yillarida front ortida fidokorona mehnat qilgan faxriylar talaygina. 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan bir asrlik dovonni bosib o‘tgan, urushning og‘ir mashaqqatlarini yengan chinakam qahramonlarning ibratli hayot maktabi haqida hikoya qilib kelmoqdamiz. Ularni nafaqat ushbu sana munosabati bilan e’zozlash, balki Ohangaron tumani tashkil etilganligining 100 yillik to‘yonasi arafasida alohida ehtirom bilan tilga olishni lozim topdik.

Ohangaron tumanining tashrif qog‘oziga aylanib ulgurgan so‘lim Ovjazsoy kengliklarida Toir ota Abdurahmonov kabi mehnat faxriylari, front orti qahramonlari istiqomat qiladi. 1926-yil 30-iyunda Ovjazsoy mahallasidagi Abdurahmon ota va Oyimxon ona xonadonida ilk farzand dunyoga keladi. Ota-onasi go‘dakka Toir deb ism qo‘yishadi. Abdurahmon ota cho‘ponlik bilan oila tebratar, chorva boqishning sir-asroridan xabardor kishi edi. Abdurahmon ota nafaqat mohir chorvador, balki o‘z davrining mohir veterinar shifokori ham edi.

Qahramonimizning yoshligi urush vaqtlariga to‘g‘ri keldi. Toir ota oilada to‘ng‘ich farzand bo‘lib, Abdurahmon ota xonadonida undan so‘ng yana uch o‘g‘il, ikki qiz dunyoga keldi. Ammo urush va ocharchilik, turli xil kasalliklarning tarqalishi sabab oila ikki qizdan ayriladi.

1941-yil. Urushning sovuq nafasi kirib bormagan xonadon qolmagan edi. Xalqimiz «Barchasi front uchun, barchasi g‘alaba uchun!» shiori ostida bor-budini janggohlarga jo‘natardi. Toir ota ham tengqurlari qatori urushga chog‘landi, biroq kolxoz raisi uning chorvachilikdagi bilim va tajribasi front ortida – oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda ko‘proq asqatishini anglab, uni urushdan olib qoldi.

Toir ota kolxoz mollarini boqar, ochlikdan qiynalayotgan oilasi va qishloq ahliga ko‘mak berishga intilardi. «Oilada katta farzand edim. Ba’zan uyimizdagi oxirgi oziqdan onam taom tayyorlar, uni ukalarimga qoldirib, o‘zim och bo‘lsam-da chorvani tog‘larga haydab ketardim. Tog‘ dalalarida kaklik, bedana ovlab kun ko‘rardim. Ko‘proq ovlagan kunim uyga olib kelib, onamga berardim. Onam esa undan mazali taom tayyorlab, qo‘ni-qo‘shnilarga ham ilinardi», – deya eslaydi otaxon.

Urush tugadi, ammo uning asoratlari uzoq yillar davom etdi. Qayta tiklanish davri ham oson kechmadi. 1948-yilda qahramonimiz otasidan ayrilib, oila yukini elkaga oladi. 1949-yilda ovjazsoylik go‘zal qiz Kizlaroy ona bilan taqdir yo‘llarini bog‘laydi. Ular birgalikda mehnat qilib, ro‘zg‘orni tebratishadi. Tirikchilik maqsadida bir muddat Tojikistonda ham yashashadi. Biroq, vatan sog‘inchi qahramonimiz bag‘rini o‘rtar, ortga qaytishni juda xohlardi. Vanihoyat Toir ota 1976-yilda oilasi va farzandlari bilan yana qadrdon Ovjazsoyiga qaytib kelishadi. Toir ota turmush o‘rtog‘i bilan yillar davomida halol mehnat qilib, besh o‘g‘il va uch qizni voyaga yetkazishadi. Qahramonimiz 2000-yilda onasidan, 2009-yilda esa turmush o‘rtog‘idan ayriladi.

Bu yil qahramonimiz bir asrlik dovonni bosib o‘tmoqda. Bugun u 42 nafar nabira va 63 nafar evaraning suyukli bobosi, duog‘uyi, maslahatgo‘yidir. Toir otaning umr yo‘li nafaqat uning oilasi, balki butun tumanimiz aholisi uchun haqiqiy ibrat maktabidir. Qahramonlarimiz kabi faxriy tumandoshlarimiz bor ekan, tarix ko‘z oldimizda takror jonlanaveradi, yosh avlod esa ularning hayot yo‘lidan ibrat olib, ajdodlarga munosib farzand bo‘lib kamol topaveradi.

Toir Abdurahmonov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-fevraldagi Farmoniga muvofiq «Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi» esdalik yubiley medali bilan taqdirlangan.

Sahifani Sevara Turg’unova tayyorladi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Dolzarb maqolalar

“LIDA METALL TECHNOLOGY” – METALLNING RUHI VA ISHCHILAR JASORATI

Shahrimizning sanoat hududida joylashgan «Lida Metall Technology» zavodi bugun metall...

O‘QITUVCHIGA MASHINA SOVG‘A QILINDI

Ohangaronda har yili davom etayotgan bir go‘zal an’ana bor — «Ohangaronsement» MCHJ...

QIZG’ALDOQDEK UMR (yoxud Ohangaron bolalarining najotkori edi)

2022-yil. Tungi soat ikkilar atrofi. Tuman tibbiyot birlashmasining sokin yo’laklarini onaning...

109 YOSHLI HOJAR ONA KUNDALIGIDAGI TARIX IZLARI

Muqaddima: Hojar Imonova: 1917-yilda Ohangaron tumanida tug’ilgan, mehnat faxriysi. Urush...

YUZ YOSHLI BOBONING IQRORI

Tumanimizda Ikkinchi jahon urushi yillarida front ortida fidokorona mehnat qilgan faxriylar...

ADIRLIKDA UNGAN «AVATAR»

Yaqin-yaqingacha Ohangaronning Shodmalik mahallasi atrofidagi qir-adirlar faqat chorva boqiladigan...

YANGI KORXONA BUNYOD BO‘LADI, ISHSIZLIKKA BARHAM BERILADI

Ohangaron tumanida sanoatni rivojlantirish va ishlab chiqarish salohiyatini kengaytirishga...

INTERNET – FOYDA MANBAIMI YOKI VAQT O’G’RISI?

Hozirgi kunda internet deyarli hammamizning hayotimizga kirib bo’lgan. Ayniqsa, yoshlar uchun...